Qishda ko‘zlar salomatligi haqida qanday g‘amxo‘rlik qilish mumkin
Qishda ko‘zlarimiz birdaniga bir nechta tajovuzkor omil ta’siriga duch keladi: past haroratlar va sovuq shamol, qaytadigan ultrabinafsha nurlari, xonadagi quruq havo. Yilning sovuq davrida ko‘zlar salomatligi haqida quyidagicha g‘amxo‘rlik qilish kerak.
Past haroratlar va shamol
Bunday ob-havo sharoitlari tufayli ko‘p odamlar yoshlanuvchi ko‘zlar muammosiga duch kelishadi. Bu tabiiy reaktsiya, individual norma bo‘lishi mumkin, organizm havo haroratining keskin o‘zgarishiga javob reaktsiyasini ko‘rsatganida, jadal ko‘z yoshini ishlab chiqaradi. Shuningdek, bu sovuq konyunktivit belgisi bo‘lishi ham mumkin.
Sovuq konyunktivit yoshlanishdan tashqari, ko‘zning qichishi va qizarishi bilan birga kechadi. Bunga past havo harorati va sovuq shamol, ko‘pincha qor va muz parchalari sababchi bo‘ladi. Issiq xonaga qaytganingizdan so‘ng bu alomatlar tezda yo‘qoladi. Shifokor boshqa kasalliklarni tashxislashi va istisno qilishi, shuningdek, bu holatda davolanishni buyurishi kerak. Shuningdek, sovuq kon’yunktivit bilan og‘rigan odamlar sovuq quyidagi bir nechta qoidani esla tutishlari lozim:
- ko‘chada kontakt linzalar taqishdan voz kechish zarur
- ayollarga kosmetikadan foydalanishni cheklash tavsiya etiladi
- shamolli havoda quyoshdan saqlaydigan ko‘zoynak taqish kerak
Aks etadigan ultrabinafsha nurlari
Ultrabinafsha nurlari nafaqat to‘g‘ridan-to‘g‘ri quyosh nurlari ta’sirida, balki turli sirtlardan aks etadigan nurlar shaklida ham ko‘z to‘riga tushadi. Qishda quyosh tarqatadigan ultrabinafsha nurlarining jadalligi pasayadi, ammo qordan aks etish uni sezilarli darajada oshirishi mumkin.
Qish mavsumida ko‘zlaringizni ultrabinafsha nurlarining zararli ta’siridan himoya qilishga alohida e’tibor berish kerak, ayniqsa vaqtingizni ko‘proq ko‘chada o‘tkazsangiz (masalan, chang‘i, alpinizm, qorni tozalash va hokazolar). Uzoq vaqt davomida aks etgan ultrabinafsha nurlar ta’sirida "qor ko‘rligi" rivojlanishi mumkin – bu konyunktiva va muguz pardasining kuyishi.
Ko‘zlaringizni deyarli barcha ultrabinafsha nurlarini yutadigan maxsus quyoshdan saqlaydigan ko‘zoynaklar bilan himoya qilishingiz mumkin. Bunday ko‘zoynaklar katta linzalar va yon qalqonlarga ega bo‘lishi kerak.
Xonadagi quruq havo
Sovuqlar boshlanishi bilan isitish mavsumi ham boshlanadi. Markaziy isitish tizimining ishlashi tufayli xonadagi havo juda qurib ketadi. Namlikning yetarli emasligi quruq ko‘z kasalligi rivojlanishining sabablaridan biri bo‘lishi mumkin. Bu ko‘z yuzasida ko‘z yoshi pardasi yangilanishining buzilishi bilan bog‘liq holat: ko‘z yoshi suyuqligi hajmining pasayishi yoki uning tez bug‘lanishi tufayli muguz pardasi quriydi. Ko‘zlar quruqligi qizarish, achishish, quruqlik va ko‘zlardagi «qum» hissi bilan birga kechadi.
Noxush alomatlarni bartaraf etish va ko‘zlarni namlash uchun tabiiy inson ko‘z yoshlariga yaqin bo‘lgan ko‘z tomchilaridan foydalanishingiz mumkin. Ular ko‘z yuzasida himoya plyonkasini hosil qiladi, bu uning uzoq muddat davomida namlanib turishiga yordam beradi.